вторник, 25 июня 2019 г.

             “KECHA” VA “ERTA” OROLI
Alyaska va Sibirning orasi, Bering bo‘g‘ozi o‘rtasida ikkita mo‘jazgina orol joylashgan. Bular Rossiya (Katta Diomida) va AQSH(Kichik Diomida) tarkibiga kiruvchi  Diomida orollaridir.
Ular orasidagi masofa bor-yo‘g‘i 3.8 kilometr bo‘lsa-da,  soat farqi 23 soatga teng, ya’ni ikki orolni soat demarkatsion chizig‘i ajratib turadi. Bu  chiziq ayni paytda sana almashish chizig‘i ham hisoblanadi. Shuning uchun ularni ‘‘kecha oroli‘‘ va ‘‘erta oroli‘‘ deb ham atashadi. Sababi bittasida yangi kun boshlangan bo‘lsa, ikkinchisida kechagi sana davom etadi. Ikkala orol ham qoyalar va daralardan iborat. Iliq oylarda orollarni ko‘pincha tuman qoplab oladi. Qishda esa ikki orolni bog‘lovchi muz ko‘prik hosil bo‘ladi. Ana shu paytda Rossiyadan AQSHga piyoda borib kelish mumkin bo‘ladi. Albatta bu faqat nazariy jihatdan xolos. Aslida, Bering bog‘ozini ruxsatsiz kesib o‘tish qonunan taqiqlanadi.
Orollarda  3000 yil oldin ilk bora eskimoslar istiqomat qilganlar.1648-yilda rus tadqiqotchisi Semen Dejnev orollarga qadam qo‘ygan birinchi yevropalik inson edi. 1728-yil 16-avgustda  esa Beris Bering ushbu orollarni qayta kashf etgan. Rossiya 1867-yilda Alyaskani AQSHga sotgan payt Kichik Diomida ham shartnomaga kiritilgan va ikki orol o‘rtasida yangi chegara belgilangan.
Garchi ikki orol siyosiy jihatdan ajratilgan bo‘lsa-da, qarindosh-urug‘chilik aloqalari davom etaverdi. Tumanli kunlar kelishi bilan mehmondorchilikka borish mavsumi boshlanar edi. 1940-yilarning oxiriga kelib, ”Sovuq urush” boshlanishi bilan  Katta Diomida harbiy bazaga aylantiriladi va tub aholi boshqa hududlarga ko‘chirilib, orollar o‘rtasidagi qarindosh-urug‘chilik rishtalari butun umrga uzib qo‘yildi. Kichik Diomida orolining ko‘pchilik aholisi qit’aga ko‘chirilgan bo‘lishiga qaramasdan, orolda yashab qolganlar ham bor. Hozirda u yerdagi Diomida qishlog‘ida yashovchi eskimoslar soni 200 kishi atrofida bo‘lib, ular baliq va qisqichbaqa ovlab kun kechirishadi.


Комментариев нет:

Отправить комментарий